Litsey haqida

Akademik litsey 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining 2000-yil 13-mart kungi 43-sonli buyrug‘i asosida tashkil etilgan va unga «Nukus davlat pedagogika instituti qoshidagi 1-sonli Nukus akademik litseyi» nomi berilgan. O‘sha davrda akademik litseyda o‘quv jarayoni 3 yil etib belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentyabrdagi «Oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi PQ-3290-sonli qarori hamda 2017-yil 14-mart kungi «O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2829-sonli qaroriga asosan Nukus davlat pedagogika instituti akademik litseyi nomi beriladi hamda akademik litseyda o‘qish muddati 3 yildan 2 yilga tushiriladi.

Akademik litsey Nukus shahri P.Seytov ko‘chasi bo‘yida joylashgan bo‘lib, litsey binosi 1995 yilda qurilgan. O‘quv binosida 33 ta fan o‘quv xonasi, 3 ta kompyuter, 4 ta lingafon, 6 ta laboratoriya xonalari, 2 ta sport zali, kutubxona va 200 o‘rinli oshxona mavjud. Akademik litsey quvvati 825 o‘ringa mo‘ljallangan. 2008-yilda yangi tipdagi 300 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quvchilar turar joyi binosi qurilishi yakunlanib foydalanishga topshirildi.

Bugungi kunda akademik litseyda jami 61 pedagog o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Ulardan 3 nafar fan nomzodi, 28 nafar bosh o‘qituvchi, 5 nafar yetakchi o‘qituvchi, 16 nafar katta o‘qituvchi va 9 nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ta’lim berib kelmoqda. Ilmiy daraja va toifalarga ega o‘qituvchilar ulushi 85,2% ni tashkil etadi.

Akademik litseyga umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari qamrab olinib, ular o‘zlari tanlagan «Aniq fanlar,» «Tabiiy fanlar,» «Ijtimoiy-gumanitar fanlar» va «Chet tillari» yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olib, oliy o‘quv yurtlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida o‘qishini davom ettiradi.

Akademik litsey bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichlari reytingi respublikada yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Bugungi kunga qadar akademik litseyni 5612 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lsa, ulardan 95 foizdan ortig‘i oliy o‘quv yurtlarida o‘qishini davom ettirdi.

Bitiruvchilarning bunday yuqori ko‘rsatkichlarga erishishini akademik litsey pedagog-o‘qituvchilari mehnatining natijasi deb qarashimiz kerak. Akademik litseyda o‘quvchi yoshlarga davlat ta’lim standartlariga mos ta’lim berishda, fanlardan o‘zlashtirish darajasini oshirishda o‘zlarining muhim o‘rniga ega bo‘lgan, o‘quv jarayonida jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan fizika fani o‘qituvchisi «O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi» Jaliy Jumabekov, biologiya fani o‘qituvchisi «Shuhrat» medali sohibasi Parshagul Kamalovalarni ta’kidlash o‘rinlidir. Shuningdek, 9 nafar o‘qituvchi «Qoraqalpog‘iston ta’lim a’lochisi,» 1 nafar o‘qituvchi O‘zbekiston Respublikasi «O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.

Akademik litseyga ko‘p yillardan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Qalxorazov Qutlimurat Utepbergenovich yoshlarga ta’lim-tarbiya berish bilan bir qatorda ilmiy-tadqiqot ishlarini ham olib bormoqda. Uning 3 ta ilmiy maqola va 2 ta uslubiy qo‘llanmasi Respublikamizda nashr etiladigan ilmiy jurnallarda e’lon qilindi. U doimiy ravishda o‘z malakasini, siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-nazariy dunyoqarashini oshirish bo‘yicha qat’iyat va mas’uliyat bilan ishlaydi. Tinimsiz izlanishlari natijasi va mehnat faoliyati hisobga olinib, 2006-yilda xalqaro «Antigue World» ilmiy akademiyasi tomonidan dotsentlik darajasi berildi. Ta’lim sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnatlari uchun «Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi,» 2002 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi «Faxriy yorlig‘i» va 2012 yilda «O‘zbekiston Respublikasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shu bilan bir qatorda akademik litsey pedagog-o‘qituvchilari orasidan ham ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanib tarix fani bo‘yicha Bahodir Bekimbetov, Larisa Orazova va qoraqalpoq tili fanidan Bekmurza Dilanovlar ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilib fan nomzodi darajalarini oldi.

Akademik litseyning bir necha o‘qituvchilari chet ellarda o‘z bilimlarini oshirib keldi. Ulardan ingliz tili fani o‘qituvchisi A.Sadirova Yaponiya davlatida, T.Ernazarov Janubiy Koreya davlatida, tarix fani o‘qituvchisi B.Bekimbetov, ingliz tili fani o‘qituvchisi U.Sabirovlar Hindiston davlatining Nyu-Dehli shahrida tajribalarini oshirib keldi.

2014-2015 o‘quv yilida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi to‘garak rahbarlari o‘rtasida o‘tkaziladigan «Eng namunali to‘garak rahbari» tanlovida akademik litseyning ingliz tili fani bo‘yicha to‘garak rahbari Gulmira Tajimbetova ishtirok etib, «Eng bilimdon to‘garak rahbari» nominatsiyasi g‘olibi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

Akademik litseyda pedagog-o‘qituvchilarning yangi innovatsion va pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda ochiq darslar tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. 2014-yil aprel oyida Navoiy viloyati Navoiy shahrida «Akademik litseylarda o‘quv, ta’lim-tarbiya jarayonini yangi bosqichga ko‘tarish hamda takomillashtirishda o‘qituvchilarning bilim darajasi va pedagogik mahoratini oshirish» mavzusida o‘tkazilgan seminar treningda litsey direktori Qutlimurod Qalxorazov va matematika fani o‘qituvchisi Quvonishboy Qosuakov ishtirok etib, «Geometriya darsida Keys-stadi metodini qo‘llash» mavzusidagi metodik ma’ruzasi bilan qatnashib, faxriy 3-darajali diplom bilan taqdirlandi. Ushbu seminar 2014-yil 25-aprelda akademik litseyda tashkil etilib, unga Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha akademik litsey direktor o‘rinbosarlari va tajribali o‘qituvchilar qatnashdi. Seminarda 8 ta umumta’lim fanlari bo‘yicha ochiq namunaviy darslar tahlil qilindi va metodik ma’ruzalar, taqdimotlar o‘tkazildi. Ulardan eng namunali deb topilgan darslar respublika miqyosida keng ommalashtirishga tavsiya etildi.

AAkademik litseyning «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi A.Kurbaniyazova Toshkent shahrida o‘tkazilgan «Taklif va tashabbuslar» ko‘rik-tanlovida faol ishtirok etib, diplom bilan taqdirlangan bo‘lsa, 2014 va 2015 yillarda ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari G.Masharipova O‘zbekiston Respublikasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tashkilotlari o‘rtasida o‘tkazilgan «Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi» ko‘rik-tanlovida faxrli II o‘rinlarni egalladi.

Akademik litseyda iqtidorli va tashabbuskor o‘quvchilar bilan ishlash va ularni qo‘llab-quvvatlash natijasida, litseyimiz bitiruvchilaridan A.Shuprakov fizika fani bo‘yicha Polshada o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada qatnashib, «Nobel mukofotiga ilk qadam» diplomi bilan taqdirlangan bo‘lsa, M.Nosirov Singapur shahrida o‘tkazilgan xalqaro fizika olimpiadasida qatnashib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi. Bundan tashqari o‘quvchilarimiz AKSELS tashkilotida o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘lib, o‘quvchilarimizdan A.Reymbayev, D.Uzaqbayev, Z.Xojaniyazov, N.Nurmanova, M.Xojametovalar Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘qib keldi.

Akademik litsey o‘quvchilari Respublika miqyosida o‘tkaziladigan fanlar olimpiadasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelmoqda. Respublika fanlar olimpiadasida umumta’lim fanlaridan 87 nafar o‘quvchi IV bosqich O‘zbekiston Respublikasi miqyosidagi fanlar olimpiadasida faol ishtirok etib, 11 nafar o‘quvchi faxrli o‘rinlarni egallab, oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilindi.

Bundan tashqari, litsey o‘quvchilari «Barkamol avlod» sport o‘yinlari va boshqa musobaqalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Akademik litseyning 2004-yil bitiruvchisi Alisher Yakupbayev «Erkin kurash» bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lib, Nukus Davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya fakultetiga imtihonsiz qabul qilindi, 2013-yil bitiruvchisi Jumabayeva Parida «Dzyudo» kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lib, Qoraqalpoq Davlat universiteti jismoniy tarbiya fakultetiga imtihonsiz qabul qilindi. 2010-2014-yillarda litsey o‘quvchilari sport musobaqalarida qatnashib, ulardan 2 o‘quvchi Osiyo chempioni, 6 o‘quvchi xalqaro turnir g‘olibi, 8 o‘quvchi O‘zbekiston Respublikasi chempioni va 24 o‘quvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi miqyosida o‘tkazilgan «Kelajak ovozi» ko‘rik tanlovida Nurjanova Hurliman «Badiiy ijod» nominatsiyasi bo‘yicha, «Soliq bilimlari bolalarga» ko‘rik tanlovida Atamuratov Nursulton, 2011-2012-yillar Sodiqov Allayar «Kompyuter taqdimoti» nominatsiyasi bo‘yicha, «Konstitutsiya – baxtimiz tayanchi» ko‘rik tanlovining g‘olibi deb topilib, faxrli o‘rinlarni egalladi.

Akademik litseyning «Adolat» jamoasi «Siz qonunni bilasizmi?» ko‘rik-tanlovining 2010-yilda O‘zbekiston Respublikasi miqyosida o‘tkazilgan bosqichida faxrli 3-o‘rinni, 2012-yilda esa faxrli 1-o‘rinni egalladi.

2014-yil Toshkent shahrida sportning qilichbozlik turi bo‘yicha «Umid bayroqlari» O‘zbekiston Respublikasi ochiq turnirida akademik litsey o‘quvchisi Muqaddas Abdimuratova faxrli III o‘rinni egallab, diplom bilan taqdirlandi.

Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchi yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan «Yoz-2014» sport musobaqalarida Juzboyeva Shirin sportning Taekvon-Do turi bo‘yicha 1-o‘rinni, Reymboyeva Oqsingul sportning Shaxmat turi bo‘yicha 3-o‘rinni, Tileubergenov Navro‘z stol tennisi bo‘yicha 3-o‘rinni, Nazarboyev Nurdavlat sportning Taekvon-Do turi bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.

Akademik litsey o‘quvchisi Nazarboyev Nurdavlat 2014-yil Qozog‘iston Respublikasi Ostona shahrida o‘tkazilgan ochiq birinchilikda sportning taekvon-do (ITF) turi bo‘yicha faxrli III o‘rinni egalladi.

2021 yilda litseyning qilichbozlik turi bo‘yicha 2-kurs o‘quvchisi Perdebayeva Guliston O‘zbekiston Respublikasi terma jamoasi hisobidan jahon kubogi va yakka tartibda Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi «Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4910-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida Nukus davlat pedagogika instituti tomonidan «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi.

Ushbu qaror asosida davlat byudjeti hisobidan har semestr yakuni bo‘yicha fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirgan eng namunali o‘quvchilarga «Litsey iftixori» stipendiyasi joriy etildi.

Shu bilan bir qatorda 2021-yil o‘quv jarayonida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan eng namunali deb topilgan 13 o‘quvchiga Nukus davlat pedagogika instituti rektori tomonidan «Institut stipendiyasi» berildi.

Akademik litsey jamoasining ta’lim sohasidagi ko‘p yillik mehnatlari, erishgan yuqori natijalari e’tiborga olinib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi Boshqarmasi tomonidan 2014-2015, 2015-2016, 2016-2017-yillarda Nukus davlat pedagogika instituti akademik litseyi «Eng namunali akademik litsey» deb topildi, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Akademik litsey jamoasi davlat ta’lim standartlari bugungi kun talabiga mos o‘quvchi yoshlarga ta’lim berishni eng oliy maqsad etib belgiladi. Bu maqsadga erishishda ilm-fan va texnika yangiliklaridan samarali foydalanib, o‘quv va tarbiya ishlarini olib bormoqda.